вторник, 24 марта 2015 г.

Bemehr

         Kunlarning birida eng yaqin do‘stlarimdan birining otasi olamdan o‘tdi. Janaza bo‘ldi, tumonot odam yig‘ildi. Do‘stimning oilasi tumandagi mashhur oilalardan biri ekanligi sababli yig‘inda ko‘plab kishilarni uchratish mumkin edi.  Mahallada taziyada qatnashmagan odam qolmadi. Hamma-hamma o‘sha joyda to‘plangan edi.
         Otasini tuproqqa topshirib qaytdik, do‘stimning uyiga borib bir oz suhbat qurmoqchi bo‘ldim. Sheriklarim har doim beriladigan an’anaviy savollarni berishdi, an’anaviy javoblarni olishib uy-uylariga tarqaldi. Birmuncha vaqt u bilan qolgim keldi. Gapirmadim, savollar bermadim, o‘tirdik, tamaki tutatdik.
– Dadamning o‘limiga tayyor bo‘lib qoldim, ko‘z o‘ngimda so‘lib bordi, ko‘zidan nur ketayotganini ko‘rib turdimu hech narsa qila olmadim. Uch kun davomida muttasil salomatliklari ortga qarab ketdi. Toshkentdan do‘xtir kelishining hojati yo‘q deb turib olishdi. Qon bosimining yuqoriligidan miya tomirlari yorilib ketganmush.
Shu gapni bazo‘r gapirdi-yu yana jimlik cho‘ki. “Bandachilik, sen nimayam qila olasan, hammasi Allohdan” degan gaplarni ichimda aytdim. Nimaga? Balki oldinroq aytganligim uchundir.
         Uyga qaytdim-u, kun davomida “O‘limga tayyor bo‘lib qolish” haqida o‘ylab yurdim. Nimagadir shu haqda o‘ylasam ko‘nglim g‘ashlanaverdi.
         – O‘rtog‘ingiz …. Unaqa emasdilar-a? – dabdurstdan berilgan savoldan esankirab qoldim.
         – Qanaqa?
         – Diydasi qattiq, bemehr?
Shundagina mahallaning ayollari to‘planib janazada qatnashgan erlardan olgan informatsiyalarni o‘rtoqlashgani, kimning janazada yig‘lagani-yu, kimning kulgani, qancha odam kelgani, tobutni yelkaga olishganda qanday tartibsizlik yuzaga kelganligi ravshanlashdi. Sundagina do‘stim nima demoqchi bo‘lganligini tushunib yetgandek bo‘ldim. Shundagina shaxs haqidagi hukmni tushunib yetgandek bo‘ldim. Shunda hammasini angladim. Shunda qo‘limdagi piola devolga urilib chil-chil bo‘ldi, xotinning og‘zi yarim ochig‘ligicha qoldi.


         Buvimni tuproqqa qoyayotganimiz ko‘z o‘ngimda gavdalandi, hamma yig‘lagan, ayollar dod solgan, nevaralar “Voy enam”lagan. Ko‘zimda jiqqa yoshu, negadir baqira olmayman. Nevaralar safidan chiqib ayvon ustuniga suyanib turaman, kimdir qator oldiga surib olib o‘tadi, tandirxonadan oldinga surib olib kelishadi, o‘tinxonadan. Gapira olmayman ham, bo‘g‘zimda nimadir tiqiladi. Buvimni olib chiqishdi, asta tobut yoniga yaqinlashib qo‘limni tekkizdim-u yosh boladek ho‘ngrab yubordim. Bu voqeadan ancha o‘tib yana bugun bo‘g‘zimga nimadir tiqilib turibdi. Ehtimol o‘shanda “Voy enam”lab dod solmaganim uchundir, ehtimol meni ham uni hozirgacha sog‘inishimga, katta yigit bo‘lib qolgan vaqtlarimda ham tizzalariga bosh qo‘yib uxlashimga, peshonamni soatlab silab o‘tirgan qo‘llarini qo‘msashimga qaramasdan “Bemehr” deb xulosa qilishganini bugun anglab qolganim uchundir. Ehtimol do‘stimni eng yaxshi farzand bo‘lishiga qaramasdan jamiyat (bugun u janazadagi “Dod”lamagan “Noqobil o‘gil” haqida uyga habar keltirgan erkaklar va bu habarni muhokama qilgan ayollardan iborat) “Bemehr” deb xulosa qilganligidandir.         

Комментариев нет:

Отправить комментарий