суббота, 1 февраля 2014 г.

O`zbekning yuzi issiq, uyi esa qorong`u.


Komputerda futbol o`ynash jonu dilim. Shu o`yin uchun ko`p narsadan voz kechishga to`g`ri keladi. Tushlik, kechki ovqat vaqtlarini surilib ketganiga mayligayu, kitob o`qish, darslarga tayyorgarlik ko`rish ham esdan chiqadi.
            Final o`yiniga tayyorgarlik ko`rayotganimda chirog` ochib qoldi. Sigaret chekish baxonasida ko`chaga chiqaman. Nosvoy baxonasida chiqqan qo`shnimam turibdi.
            – Nimaga chirog` o`chadi-a? Qo`shnim menga aytadimi, o`ziga o`zi gapiradimi bilib bo`lmaydi. Yelkamni qisaman.
           
Nimaga chirog` o`chadi?
            Mantiqan, yetkazib berilgan tok uchun pul o`z vaqtida to`lansa uni o`chirish hech kimga (ayniqsa ishlab chiqaruvchiga) foyda keltirmagan bo`lardi. Davlatning ko`plab idoralari, muassasalari, ko`plab korxonalarda ish unumi aynan elektr energiyasidagi shu muammo natijasida pastlab ketadi. Mamlakatimizda yiliga 50 mlrd kVt/soat elektr energiya ishlab chiqariladi. Qo`shni mamlakatlarga eksport ham qilamiz. Agar eksport to`xtatilib, barcha elektr energiyani ichki bozorga qaratilganda ham chirog` o`chirilgan bo`lardi. Nimaga deb so`rang?
             Men yashayotgan qishloqda 4-5 talab tegirmonlar, bir nechtalab suv otib beruvchi nasos stansiyalar ishlab turibdi. Birortasida tok hisoblagich yo`q! Bunaqangi tegirmon-u nasos stansiyalardan tumanda qanchalari ishlab yotgan ekan… .
Qo`shnim savol beradi:
            – Nimaga chirog` o`chadi?
Qo`shnimni bu savolni berayotganda gurullab ishlab turgan tegirmon yonidan o`tayotganda, nasosdan otilib chiqayotgan suvni ko`rib zavqlanganda, o`rtog`ining “Elektroset”dan kelib tokini qanday uzishganiyu, ketishlari bilan o`zini qanday ulab olganini maqtanib aytgan hikoyasini kulibgina eshitganda, akasining issiqxonasiga “yashirin tok” olib kirishga yordamlashganda xayolining bir chetidan lip etib o`tib ketmasmikan? O`zini elektrdan qarzichi? O`tadi, ishonaman. Lekin, o`zbekning yuzi issiq. Indamaydi.
            Qo`shnim savol beradi, har gal, zim-ziyo ko`chaga men sigaret, u esa nosvoy boxonasida chiqqanimizda:
            – Nimaga chirog` o`chadi?

P.S. Meni eng qiynayotgan masala o`rmonimizga o`t ketganiyu, undagi pul to`lagan va to`lamaganlarni birgalikda yonayotgani. Pul to`laganlarni shag`am yorug`ida o`tirishi adolatsizlik!
P.S. Elektr hisoblagichlarsiz ishlayotgan tegirmonlar, nazoratchi bilan imi-jimida ishni qing`ir yo`l bilan bitirib ketadigan nasos stansiyalari haqida zudlik bilan tegishli organlarga habar bering demoqchi emasman.
P.S. Agar mendan so`rashganda elektr energiyasini yetkazib beruvchi xususiy tashkilot yoki korxonalar tashkil qilish kerak degan bo`lardim. Shunda davlat “aybdor” degan hukmdan ozod bo`lgan, elektr energiya pulini vaqtida tushurib olgan, nazorat maksimal darajaga chiqqan, boqimandalik nolga tenglashgan bo`lardi.

Комментариев нет:

Отправить комментарий