воскресенье, 19 апреля 2015 г.

Umidsizlik lotereyasi_Kechikkan yozuvlar


            Nihoyat men bank chiqargan lotereyalarni tekshirish uchun yutuqli lotereyalar jadvaliga ega bo‘ldim. Shu kungacha o‘zim egalik qilayotgan (ularni qaysidir ma’noda sotib olgan deb aytsam qaysidir ma’noda bu noto‘g‘ridek) 3 tagina lotereyaga har kuni uyqudan oldin bir qarashim hamono “Lotererya sonatasi” seriali boshlanadi. Bu serialdagi bosh qahramon – kamina, o‘zim yutub olgan qop-qora Malibuda “minga qo‘yib” yuribman, chiroqlarlar, daraxtlar, bekatlarni bir zumda ortda qoldirib shamoldek uchib boraman. Ortda odamlar qo‘l siltib qolishadi, bir-biriga meni gapirishayotganini shundoqqina anglab turaman… . Bir o‘rtog‘imga orzularimni aytib qoldim: – Mashina yutib olsam-a, nechta lotereya sotib olgansan deganda endi javob uchun og‘iz juftlagan ham edimki, yonidagi sherigi, aftidan  bir fermer 300 ta sotib olganini maqtanib qolsa bo‘ladimi. O‘sha kundan tushlarim o‘zgarib qoldi, endi bosh qahramon, ya’ni kamina har gal muzlatgich oldida gavdalanardim, ba’zida muzlatgichimni mushuk bolasidek erkalayotgan bo‘lsam, ba’zida “Ochil muzlatgich”dan toshib chiqib ketayotgan ichimliklarni ulashaman, o‘rtoqlarga, qo‘ni-qo‘shnilarga, quloqlarim ostida olqishlar eshitiladi, ritm… . Suhbatlarning birida kimdir barcha lotereyalar sonini o‘n milliondan oshadi, deb qoldi-yu, shu-shu “Lotereya sonatasi” serali tugadi. Endi o‘zimni majburlay boshladim, hech bo‘lmaganda yuz ming so‘m yutishim kerakku axir, meni haqqim bor. Yo‘q, o‘z ustimda qanchalik ko‘p ishlashimga qaramasdan boshqa serial qismlari yaratilmadi.
            Yutuq chiqmagan lotereyaning nimasi yomon, bilasizmi? U boshqa lotereya sotib olishga undaydi, u hech qachon umidsizlantirmaydi, balki aynan yutuqsiz lotereyagina sizga yana boshqa lotereya sotib olish uchun rag‘bat bo‘ladi.
            Jadvalga e’tibor beradigan bo‘lsangiz, jami yutuqli serialar soni 1 118 ta ekanligini ko‘rasiz, bir seria doirasida 1 000 tadan loterea borligini hisobga olgan holda aytish mumkinki yutuqli lotereyalar soni 1 118 000 ta. Barchasi to‘g‘ri, bank bayonotiga to‘g‘ri. O‘yinda qatnashgan barcha serialarning soni 9 999 ta (yuqorida aytganimdek, bir serada 1000 ta lotereya bor). Endi oddiy matematika, yutuqli serialar ulushi jami seralar doirasida 11,2 foizni tashkil qilayapti. Talonchilik emasmi?! Hech bo‘lmaganda, 51 foizi yutuqli bo‘lmaydimi? Adolatsizdek ta’surot uyg‘otgan narsa bir seria doirasida barcha lotereyalar eng minimal 10 000 so‘mdan yutgan bo‘lsa, bir seriya doirasida (mingta lotereyadan) birortasi sariq chaqa ham yuta olmagan. Mendagi birinchi farazga ko‘ra barchaning imkoniyati teng bo‘lishi uchun kishilar butun seria (ming ta lotereya)ni bir o‘zi yakka holda sotib olib o‘yinda qatnashishlari kerak edi. Shunda muvozanat o‘rnatilar edi. Menga o‘xshagan barmoq bilan sanarli lotereya sotib olganlarning imkoniyatini kim hisobga oladi?
            Sizga bitta kichkinagina ma’lumotni eslatib o‘tmoqchi edim, butun dunyodagi boylik (100 foiz)ning 82,7 foizi Yer shari aholisining atiga 5 foizi qo‘lida to‘plangan. Eng qashshoq 5 foiz kishilar Yer boyliklarining atiga 3 foiziga egalik qiladi. Mana shunaqa gaplar, azizlar. Hech qachon lotereryalaringizdan umidsizlanmang, bu yil omadingiz kelmagan bo‘lsa albatta keyingi yil omadingiz keladi ;) Bank xalq manfaatlarini o‘ylaydi va albatta bu lotereyani an’anaga aylantiradi degan umiddamiz ;)

           

Комментариев нет:

Отправить комментарий